«JCh – 2026»: O‘zbekistonning mundialdagi birinchi raqibi

7-aprel 2026 17:50 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: The New York Times

O‘zbekiston o‘zi ishtirok etayotgan ilk mundialni Kolumbiya milliy terma jamoasiga qarshi boshlaydi. Luis Diaz boshchiligidagi janubiy amerikaliklar o‘z tarixidagi yettinchi jahon chempionatida ishtirok etadi.

«Qahvachilar» (Los Cafeteros) laqabi bilan mashhur bo‘lgan Kolumbiya termasi futbol dunyosida o‘zining texnik o‘yin uslubi bilan ajralib turadi. Jamoa shu vaqtgacha jami 6 marta (1962, 1990, 1994, 1998, 2014, 2018) Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olgan.

Foto: FIFA +

Kolumbiya o‘z tarixidagi eng yorqin natijani 2014-yilgi Braziliya mezbonlik qilgan mundialda qayd etib, chorak finalga qadar yetib borgan va turnir yakuniga ko‘ra 5-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Kolumbiya 2001-yili o‘z maydonida o‘tgan Kopa Amerika musobaqasida g‘olib chiqib, qit’a chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan.

Karlos Valderrama / Foto: X.com

Terma jamoa tarkibi doimo jahon darajasidagi yulduzlarga boy bo‘lgan. Jamoa tarkibida Karlos Valderrama, «chayon zarbasi» muallifi Rene Igita va Faustino Asprilla kabi afsonalar harakat qilgan. Yaqin tarixda esa Radamel Falkao va Hames Rodriges kabi yulduzlar Kolumbiya futbolini dunyoga tanitgan.

Rene Igita / Foto: Britannica

Falkao 36 ta gol bilan terma jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Darvozabon David Ospina esa terma jamoa tarkibida 130 ta o‘yin bilan eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatgan. Hozirgi kunda jamoaning asosiy yulduzi «Bavariya» vingeri Luis Dias hisoblanadi.

David Ospina va Radamel Falkao / Foto: Transfermarkt

Kolumbiya Janubiy Amerika saralash bosqichida Argentina va Urugvay bilan munosib raqobatlashib, turnir jadvalida 3-o‘rinni band etdi. O‘tkazilgan 18 o‘yinda 7 g‘alaba, 7 durang va faqatgina 4 mag‘lubiyat bilan 28 ochko to‘pladi. Jamoa tarkibida tajribali Hames Rodriges va Richard Rios, Jon Duran kabi yosh iqtidorlar o‘rtasida mukammal muvozanat shakllangan.

Ekran tasviri / FIFA

Tayyorgarlik doirasida Kolumbiya 2026-yilning mart oyida Xorvatiya va Fransiya kabi dunyo yetakchilari bilan nazorat o‘yinlarini o‘tkazib, 2:1 va 3:1 hisoblarida imkoniyatni boy berdi.

Luis Diaz / Foto: BBC

Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Kolumbiya terma jamoasining umumiy transfer qiymati 300 mln yevroni tashkil etadi. O‘zbekiston terma jamoasining umumiy qiymati esa 63,7 mln yevroni tashkil etadi. «Qahvachilar» tarkibida eng qimmat futbolchi 70 mln yevro qiymat bilan Luis Diaz bo‘lsa, Abduqodir Husanov 35 mln yevro transfer narxi bilan «Oq bo‘rilar»ning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi.

Foto: O‘FA

Eslatib o‘tamiz, Toshkent vaqti bilan 18-iyun kuni tonggi 07:00 da Meksikadagi «Atsteka» stadionida O‘zbekiston Kolumbiyaga qarshi bahslashadi.

Shuningdek