
Kursiv Uzbekistan 7-aprel kuni xalqaro va mahalliy maydonda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 86-o‘ringa chiqdi
The Heritage Foundation e’lon qilgan 2026 yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 60,3 ball bilan 86-o‘rinni egalladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi. Mamlakat o‘tgan yildagiga nisbatan natijasini 2,3 punktga yaxshiladi.
Mamlakatning joriy ko‘rsatkichi jahon o‘rtacha darajasi – 59,9 balldan yuqori bo‘ldi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ayniqsa savdo va investitsiya ochiqligi bo‘yicha kuchli natijalarni qayd etgan. Open Markets blokida Trade Freedom 80,6 ballni, Investment Freedom esa 70,0 ballni tashkil qildi. Har ikkala ko‘rsatkich ham mos ravishda jahon o‘rtacha darajasi 70,2 va 53,4 balldan yuqori bo‘ldi.
Saida Mirziyoyeva AQShda biznes hamkorlikni muhokama qildi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva AQSh poytaxtida Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi hamraisi, elchi Serjio Gor bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda uning o‘zi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi biznes hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan. Muzokaralar Kengash faoliyati rasman boshlanishi arafasida bo‘lib o‘tgan.
Insoniyat 54 yildan keyin yana Oyning orqa tomonini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi
«Artemis-2» missiyasi astronavtlari Oy sirtidan 6,5 ming km balandlikda harakatlanib, sirtning batafsil tasvirlarini muhrladi. Oxirgi marta 1972-yilda «Apollon-13» missiyasi bu ishni bajargan edi.
Ekipaj tarkibiga NASA astronavtlari Rid Uayzmen, Viktor Glover, Kristina Kox hamda Kanada kosmik agentligi vakili Jeremi Xansen kirdi. Ular Yerdan 406,7 ming km masofaga uzoqlashib, «Apollon-13» tomonidan o‘rnatilgan rekordni taxminan 6,5 ming kmga yangiladi.
Qozog‘iston O‘zbekistonga tranzitni tezlashtirish uchun 102 km yo‘l qurmoqda
Turkiston viloyatidagi Sariag‘ash aylanma yo‘li shahar ichidagi tirbandlikni kamaytirib, O‘zbekistonga tranzit harakatni tezlashtirishi kutilmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qozog‘iston janubida transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyiha – Sariag‘ash aylanma yo‘li qurilishi rasman boshlandi.
Yevropada 10-apreldan yangi kirish-chiqish tizimi to‘liq ishga tushadi
Yevropa Ittifoqining yangi kirish-chiqish tizimi (EES) 2026-yilning 10-aprelidan boshlab to‘liq operatsion holatga o‘tadi. Tizim doirasida Yevropa mamlakatlariga qisqa muddatga keluvchi xorijliklarning yuz va barmoq izlari raqamli tarzda ro‘yxatga olinadi.
Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tizimning dastlabki bosqichlaridayoq qalbaki hujjatlar sababli 24 mingdan ortiq kishining chegaradan o‘tishi rad etilgan. Shuningdek, xavfsizlikka tahdid soluvchi 600 dan ortiq shaxslar aniqlangan. EES tizimi Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan va Shengen hududida 180 kunlik davr ichida 90 kungacha bo‘lishni rejalashtirgan sayohatchilarga nisbatan qo‘llanadi.
San’atkorlar hozir ham soliq to‘lamoqda — Madaniyat vazirligi
Ijtimoiy tarmoqlarda konsert-tomosha sohasida xizmatlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Madaniyat vazirligi bu borada o‘z pozitsiyasini bildirdi.
So‘nggi kunlarda jamoatchilik orasida san’atkorlar, boshlovchilar va konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi boshqa ijrochilar uchun yangi soliq tartibi joriy etilishi mumkinligi haqidagi muhokamalar kuchaydi. Gap 2026-yil 1-sentabrdan boshlab har bir xizmatni «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi haqida bormoqda.
MAX O‘zbekistonda Play Marketning eng ommabop ilovasiga aylandi
Sensor Tower tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 7-aprel holatiga ko‘ra MAX messenjeri O‘zbekistonda Play Market orqali eng ko‘p yuklab olingan ilova bo‘ldi.
Play Marketning bepul ilovalari reytingida ikkinchi o‘rinni JanaTube egalladi. Ushbu ilova foydalanuvchilarga smartfon ekrani o‘chgan holatda ham YouTube videolarini tinglash imkonini beradi. Kuchli uchlikni davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mo‘ljallangan MyGov ilovasi yakunlab bergan. Shuningdek, OneID va Soliq ilovalari mos ravishda 4 va 5-o‘rinlarni band etgan.
O‘zbekistonda yo‘llarda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanadi
O‘zbekistonda yo‘llarda o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanadi. Bu norma Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonunda belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, yo‘llarni pullik yoki bepul etib belgilash tartibi aniq tartibga solindi. Mazkur vakolatlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga topshirildi. Shuningdek, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakati endilikda faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur o‘zgarishlar yo‘l infratuzilmasini himoya qilish va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Maryam Tillayeva minglab dollarga aldanib qoldi
O‘zbekistonning birinchi prezident Islom Karimovning nabirasi, bloger Maryam Tillayeva xorijdagi festivalga borish jarayonida firibgarlikka uchraganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, safar oldidan barcha rejalari buzilgan. Bloger ushbu tadbirda, jumladan, mashhur xonanda Jastin Biber ishtirok etishi kutilganini aytdi. Safar uchun u O‘zbekistondagi ishlarini to‘xtatib, $11 ming sarflagan.
Chet tillaridan C1 sertifikatiga ega yoshlarga o‘quv markaz ochish uchun imtiyoz beriladi
Prezident farmoni bilan chet tillariga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarini ochish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘yicha imtiyozlar doirasi kengaytirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, shu yilning 1-may sanasidan boshlab yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalari reyestri joriy qilinadi. Reyestrga kiritilgan va belgilangan tartibda patentlangan ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalar va ularning xodimlariga 2017-yil 30-iyundagi PF–5099-son farmonda belgilangan imtiyoz va preferensiyalar tatbiq etiladi.
30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya oshirilishi taklif etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qonun loyihasida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini belgilash, pensiya tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari hamda hisoblash tartibini takomillashtirish nazarda tutilgan.
«Kar» haydovchini haqorat qilgan shaxslar qamaldi
Ijtimoiy tarmoqlarda eshitish qobiliyati cheklangan haydovchini haqorat qilgan shaxslar videosi tarqaldi. Holatga aloqador shaxslarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deya xabar bermoqda Samarqand viloyati IIB JXX YHXB.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu voqea Samarqand shahrida sodir bo‘lgan. Video ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka erishish maqsadida ikki nafar yigit tomonidan ataylab tashkil qilingan. Videoda haqoratga uchragan haydovchi esa aslida kar bo‘lmagan.
«JCh – 2026»: O‘zbekistonning mundialdagi birinchi raqibi
O‘zbekiston o‘zi ishtirok etayotgan ilk mundialni Kolumbiya milliy terma jamoasiga qarshi boshlaydi. Luis Diaz boshchiligidagi janubiy amerikaliklar o‘z tarixidagi yettinchi jahon chempionatida ishtirok etadi.
«Qahvachilar» (Los Cafeteros) laqabi bilan mashhur bo‘lgan Kolumbiya termasi futbol dunyosida o‘zining texnik o‘yin uslubi bilan ajralib turadi. Jamoa shu vaqtgacha jami 6 marta (1962, 1990, 1994, 1998, 2014, 2018) Jahon chempionati final bosqichiga yo‘llanma olgan.