Yangiliklar

Kitobxonlik tanlovida g‘olib harbiylarning xizmat muddati bir oyga qisqartiriladi

G‘oliblar elektromobil va pul mukofotlari bilan ham taqdirlanadi
Kitobxonlik tanlovida g‘olib harbiylarning xizmat muddati bir oyga qisqartiriladi / Foto: Milliy Gvardiya

Qurolli Kuchlar tizimida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish va ma’naviy salohiyatni oshirishga qaratilgan yangi tanlov joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Prezident qarori bilan «Qurolli Kuchlar tizimida respublika kitobxonlik tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» hujjat qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026-yildan boshlab har yili «Ma’naviyat qalqoni» respublika kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi.

Mazkur tanlov 4 bosqichda tashkil etilib, unda muddatli harbiy xizmatchilar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari hamda harbiy-akademik litsey o‘quvchilari alohida toifalarda ishtirok etadi.

Tanlovning respublika bosqichida har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan 4 nafar g‘olib Oliy Bosh qo‘mondonning bosh sovrini – elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 2-o‘rin sohiblariga BHMning 100 barobari, 3-o‘rin egalariga esa 70 barobari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Bundan tashqari, respublika bosqichida 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddati rag‘bat sifatida 1 oyga qisqartiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq muddatli harbiy xizmatchilar OTMda masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edik.