Yangiliklar

Mahallalarga sport qamrovi bo‘yicha 15 million so‘mgacha mukofot beriladi

Ushbu mahallada ommaviy sportga mas’ul trenerga 200 foizgacha oylik ustama to‘lanadi
Mahallalarga sport qamrovi bo‘yicha 15 million so‘mgacha mukofot beriladi / Foto: O‘zA

Endilikda mahallalarda sport qamrovi va aholining salomatlik natijalariga qarab yil yakuni bilan 15 mln so‘mgacha mukofot beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Endilikda har bir viloyatdagi bittadan tumanda «salomatlik balansi» shakllantiriladi. Sport vaziri, Mahallalar uyushmasi raisi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosariga sport bilan faol shug‘ullanuvchi aholi orasidan «sog‘lom hayot volontyorlari» korpusi shakllantirish topshirildi. Ushbu korpus mahallalarda sport va sog‘lom turmush tamoyillarini targ‘ib qiladi hamda eng namunali bo‘lgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlarini yetkazadi.

Shuningdek, barcha maktab va texnikumlarda 1-maygacha kross-fit bo‘yicha to‘garaklar tashkil qilinadi. Kelgusi yildan kross-fit «Besh tashabbus» tizimiga kiritiladi. Mahallalarda sportga qamrov oshib, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet bilan kasallanish ko‘rsatkichlari kamaygan hollarda volontyor va mahalla raislariga yil yakuni bilan 15 mln so‘mgacha mukofot beriladi. Shu bilan birga, ushbu mahallada ommaviy sportga mas’ul trenerga 200 foizgacha oylik ustama to‘lanadi.

Vazirliklar, tarmoqlar, bank rahbarlari hamda viloyat va tuman hokimlari xodimlari sport bilan shug‘ullanishda o‘zi namuna bo‘lib, sharoitlarni kengaytirishi lozim. Haftada bir kun sport kuni sifatida belgilanishi, bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Sport zali bo‘lmagan holda sport bazalari yoki federatsiyalar bilan shartnoma tuzish va yiliga kamida 4 ta sport turi bo‘yicha ikki marta musobaqa tashkil etish topshirildi.

Joriy yildan boshlab vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar o‘rtasida respublika birinchiliklari o‘tkaziladi. Xususiy sektordagi mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Tadbirkorlar o‘z ishchi-xodimlari uchun sport zali yoki maydonchani qurish va jihozlash xarajatlarini foyda solig‘i bazasidan chegirib, jalb qilingan trenerlar uchun daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni 1 foiz bilan to‘laydilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yutuqlarga erishgan sport maktablariga 500 million so‘mlik mukofot berilishi haqida yozgan edik.