
Sensor Tower tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 7-aprel holatiga ko‘ra MAX messenjeri O‘zbekistonda Play Market orqali eng ko‘p yuklab olingan ilova bo‘ldi.
Play Marketning bepul ilovalari reytingida ikkinchi o‘rinni JanaTube egalladi. Ushbu ilova foydalanuvchilarga smartfon ekrani o‘chgan holatda ham YouTube videolarini tinglash imkonini beradi. Kuchli uchlikni davlat xizmatlaridan foydalanish uchun mo‘ljallangan MyGov ilovasi yakunlab bergan. Shuningdek, OneID va Soliq ilovalari mos ravishda 4 va 5-o‘rinlarni band etgan.

Pulli ilovalar segmentida Minecraft mobil o‘yini yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Geometry Dash va GTA: San Andreas o‘yinlari qayd etilgan. Ta’kidlash joizki, MAX messenjeri App Store platformasida yuklab olishlar soni bo‘yicha hozircha 7-o‘rinda bormoqda.

Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida Rossiyada WhatsApp butunlay bloklangan, eng ommabop messenjerlardan biri Telegram faoliyati esa sezilarli darajada sekinlashtirilgan edi.