
Meta aqlli ko‘zoynaklarga sun’iy intellekt yordamida foydalanuvchilarning ovqatlanishini tahlil qilish funksiyasini qo‘shmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Meta o‘zining Ray-Ban Meta smart glasses va Oakley Meta smart glasses modellari uchun yangi funksiyani taqdim etdi. Endilikda qurilmalar o‘rnatilgan kamera va sun’iy intellekt orqali foydalanuvchining iste’mol qilayotgan ovqatini kuzatib boradi.
Foydalanuvchilar ovqatlanish jarayonini ovozli buyruq yoki suratga olish orqali qayd etishi mumkin. Sun’iy intellekt esa ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, mahsulot haqida kerakli ma’lumotlarni topadi va maxsus ilovadagi kundalikka avtomatik tarzda kiritadi.
Yangi tizim foydalanuvchiga individual tavsiyalar ham beradi. Masalan, u «energiya oshirish uchun nima yeyish kerak?» kabi savollarga javob berishi mumkin.
Kompaniya kelajakda funksiyani yanada rivojlantirib, uzluksiz monitoring rejimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bunda ko‘zoynak foydalanuvchi har safar buyruq bermasdan ham ovqatni aniqlab, avtomatik ravishda qayd etadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu imkoniyat faqat 18 yoshdan katta foydalanuvchilar uchun taqdim etiladi. Dastlab AQShda ishga tushiriladi, keyinchalik esa displeyli modellarda ham paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta yangi optik Ray-Ban «aqlli» ko‘zoynaklarini taqdim etgani haqida yozgandi.