Yangiliklar

Nvidia’ning Rubin chiplari 2026-yilda 500 ming birlikka kamayishi mumkin

GPU Rubin bozoriga chiqarish sur’ati HBM4 sertifikatsiyasi bilan bog‘liq muammolar tufayli sekinlashgan
Foto: alexgo.photography / Shutterstock.com

Chipmeyker Nvidia 2026-yil uchun Rubin yangi avlod sun’iy intellekt chiplari ishlab chiqarish rejasini 2 milliondan 1,5 million birlikka kamaytirishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Oninvest nashri xabar berdi.

Sababi – SK Hynix va Micron Technology’dan yuqori tezlikdagi HBM xotirasini yetkazib berishdagi kechikishlar sifatida qaralmoqda.

KeyBanc tahlilchisi Jon Vinning fikricha, GPU Rubin bozoriga chiqarish sur’ati HBM4 sertifikatsiyasi bilan bog‘liq muammolar tufayli sekinlashgan, ammo bu investorlarga katta xavf tug‘dirmaydi. Analitik Nvidia aksiyalarini Overweight reytingida qoldirdi va ularning maqsadli narxini $275 deb baholadi, bu 2-aprel yakuniy narxidan 55 foiz yuqori.

Shu bilan birga, Vin yil davomida 60 mingdan ortiq NV72 server staklarini yetkazib berishni kutmoqda. HSBC baholashicha, GB300 NV72 serveri taxminan $3 mln turadi, Vera Rubin NVL144 staki – $3,2 mln, Rubin Ultra NVL576 esa $8,8 mln atrofida baholanadi.

Bozor e’tibori Nvidia’ning Vera Rubin platformasidagi server ishlab chiqarishini kengaytirishga qaratilgan. CEO Jensen Huang uskuna to‘liq ishlab chiqarish bosqichida ekanini va savdo ikkinchi yarmida boshlanishini ma’lum qilgan. Serverlar Rubin GPU va Vera CPU ishlatib, hozirgi Blackwell Ultra bazasidagi echimlarga nisbatan 3,3 barobar tezlik va 10 barobar samaradorlikni ta’minlashi kutilmoqda.

Aksiyalar 6-aprel, dushanba kunidagi savdolarda $177,2 darajasida – 0,1% pasaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi chiplar ortidan Samsung aksiyalari rekord darajaga ko‘tarilgani haqida yozgandi.