
Prezident farmoni bilan oliy ta’lim muassasalari va ilmiy institutlar yangi ishlanmalarga asoslangan spin-off korxonalarini tashkil etish imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-maydan boshlab spin-off korxonalar ustav fondidagi davlat ulushi boshqaruvi muassislarga ishonchnoma asosida beriladi. Shu bilan birga, keyingi 5 yil davomida davlat ulushi xususiylashtirilishi mumkin emas.
Korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat ulushini o‘zgartirish bo‘yicha oldindan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yoki Raqobat qo‘mitasining ruxsatini olish talab qilinmaydi. Shuningdek, investitsiya bitimlarini tasdiqlash uchun vakolatli davlat organining xulosasi kerak emas.
Spin-off korxonalari Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilganda, bu venchur investitsiyalari bilan tenglashtiriladi.
Korxonalarda muassisning professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari yoki talabalar va izlanuvchilar faoliyat ko‘rsatishi majburiy hisoblanadi. Bu yangi tartib ilm-fan va ta’lim muassasalarida yaratilgan innovatsiyalarni amaliy loyihalarga aylantirishga yordam beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi muddatli harbiy xizmatchilar OTMda masofaviy ta’lim olishi mumkinligi haqida yozgandi.