O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksida 86-o‘ringa chiqdi

eʼlon qilindi
Mamlakat o‘tgan yilga nisbatan natijasini 2,3 punktga yaxshiladi
O‘zbekiston iqtisodiy erkinlik indeksida 86-o‘ringa chiqdi
Foto: Pexels

The Heritage Foundation e’lon qilgan 2026 yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 60,3 ball bilan 86-o‘rinni egalladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi. Mamlakat o‘tgan yilga nisbatan natijasini 2,3 punktga yaxshiladi.

Mamlakatning joriy ko‘rsatkichi jahon o‘rtacha darajasi — 59,9 balldan yuqori bo‘ldi. Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston ayniqsa savdo va investitsiya ochiqligi bo‘yicha kuchli natijalarni qayd etgan. Open Markets blokida Trade Freedom 80,6 ballni, Investment Freedom esa 70,0 ballni tashkil etdi. Har ikkala ko‘rsatkich ham mos ravishda jahon o‘rtacha darajasi — 70,2 va 53,4 balldan yuqori bo‘ldi.

Tashqi savdo aylanmasi 2023 yildagi $63,5 mlrddan 2025 yilda $81,2 mlrdga yetdi. Bu 27,8 foiz o‘sishni anglatadi. Eksport hajmi esa $24,9 mlrddan $33,8 mlrdga oshdi, ya’ni 36 foizga ko‘paydi. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi yanada tez o‘sgani qayd etilgan. 2023 yilda 201,7 trln so‘m bo‘lgan ko‘rsatkich 2025 yilga kelib 422,1 trln so‘mga yetdi. Bu 109,3 foizlik o‘sishni bildiradi.

2026 yil boshidagi ma’lumotlar ham ijobiy dinamikani tasdiqlaydi. Yanvar–fevral oylarida tashqi savdo aylanmasi $11,6 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga ko‘p.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda nimalarga sarmoya kiritish kerakligi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek