
O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Pokistonning The Searle Company Limited kompaniyasi onkologiya va yurak-qon tomir kasalliklari uchun dori vositalari ishlab chiqarishni muhokama qildi. Bu haqida Dunyo AA xabar bermoqda.
Agentlik direktori Abdulla Azizov va The Searle Company Limited direktori Said Nadim Ahmed o‘rtasidagi suhbatda O‘zbekiston farmatsevtika bozorining investitsiyaviy jozibadorligi ko‘rib chiqildi. Tomonlar tarmoqni tartibga solish mexanizmlari va xorijiy loyihalar uchun yaratilgan huquqiy asoslarga alohida e’tibor qaratdi.
Said Nadim Ahmedning ta’kidlashicha, hozirda kompaniya yurak-qon tomir, onkologik va metabolik kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan yangi avlod dori vositalarini ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali korxonani ishga tushirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun Toshkent shahri, Lahor va Ar-Riyod ustuvor manzillar sifatida tanlangan.
Hozirgi vaqtda xalqaro konsalting kompaniyalari loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqmoqda. Pokiston vakili zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun o‘nlab million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi uchun HAACP tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edi.