
O‘zbekistonda yo‘llarda o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanadi. Bu norma Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonunda belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, yo‘llarni pullik yoki bepul etib belgilash tartibi aniq tartibga solindi. Mazkur vakolatlar Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga topshirildi. Shuningdek, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakati endilikda faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur o‘zgarishlar yo‘l infratuzilmasini himoya qilish va harakat xavfsizligini oshirishga qaratilgan.
Endilikda pulli yo‘llar davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtiriladi va yo‘llardan foydalanish uchun to‘lovlar avtomatlashtirilgan tizim orqali undiriladi. Shuningdek, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi munosabatlar ommaviy shartnoma asosida tartibga solinadi.
Mazkur normalar yo‘l infratuzilmasini saqlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, yo‘l-transport hodisalari sonini kamaytirish va inson hayotini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘iston O‘zbekistonga tranzitni tezlashtirish uchun 102 km yo‘l qurayotgani haqida yozgan edi.