
O‘zbekistonda sport sohasini rivojlantirish va para sportchilar hamda homiylarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Adaptiv sport turlari bo‘yicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi takomillashtiriladi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport bo‘yicha tayanch oliygohga aylantiriladi. Shu bilan birga, tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish Sport vaziri, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari hamda Paralimpiya qo‘mitasi raisiga topshirildi.
Yig‘ilishda para sportchilar natijalarida ularni doimiy qo‘llab-quvvatlab kelayotgan mutaxassislarning hissasi alohida ta’kidlandi. Endilikda o‘quv-yig‘inlar va musobaqalarda para sportchilarga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi, shuningdek, ularga har oy sport maktablari trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh to‘lanadi.
Shuningdek, sportga homiylik qilish tizimi ham takomillashtirildi. Endi federatsiyaning yillik xarajatlarining 20 foizini qoplagan tadbirkor uning boshqaruv tarkibiga kiritiladi. Professional futbol klubining xarajatlarining kamida 20 foizini moliyalashtirgan tadbirkor esa klubni ishonchli boshqaruvga olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu orqali sportni nafaqat ijtimoiy, balki daromad keltiruvchi sohaga aylantirish maqsad qilinmoqda.
Futbol uchrashuvlarini muxlislar uchun qulay vaqtlarda o‘tkazish, stadionlar atrofida qo‘shimcha xizmatlar tashkil etish, transport qatnovini yaxshilash va arzon turpaketlar joriy etish orqali klublar daromadini oshirish vazifasi qo‘yildi. Bu choralar muxlislar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, hududlarda 39 ta sport inshooti ta’mirtalab ekani qayd etilib, ularni zamonaviy majmualarga aylantirish uchun xususiy sheriklik asosida foydalanishga berish taklif qilindi. Yoshlar orasida ommalashgan noolimpiya sport turlari bo‘yicha ham sport maktablarida seksiyalar ochish, shuningdek, O‘zbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mahallalarga sport qamrovi bo‘yicha 15 million so‘mgacha mukofot berilishi haqida yozgan edik.