
Turkiston viloyatidagi Sariag‘ash aylanma yo‘li shahar ichidagi tirbandlikni kamaytirib, O‘zbekistonga tranzit harakatni tezlashtirishi kutilmoqda. Bu haqda Qozog‘istonning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qozog‘iston janubida transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yirik loyiha — Sariag‘ash aylanma yo‘li qurilishi rasman boshlandi.

Yangi avtomobil yo‘li tranzit transport oqimini shahar tashqarisiga yo‘naltirib, Sariag‘ash hududidagi yo‘llarga tushayotgan yuklamani sezilarli darajada kamaytiradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston yo‘nalishidagi harakat tezlashib, xavfsizlik va qulaylik oshadi.
Loyiha doirasida uzunligi 102,6 kilometr bo‘lgan, to‘rt polosali zamonaviy avtomagistral barpo etiladi. Yo‘l xalqaro standartlarga mos holda qurilib, uzluksiz va xavfsiz transport harakatini ta’minlaydi.

Ushbu yo‘l foydalanishga topshirilgach, mintaqa iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, yuk va yo‘lovchi tashish tezlashadi, chegaradosh hududlarda savdo faolligi oshadi hamda Turkiston viloyatining xalqaro transport yo‘nalishlaridagi ahamiyati kuchayadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Buyuk ipak yoʻli» metrosi yaqinidagi chorrahada ikki qavatli yoʻl qurilishi haqida yozgandi.