Fan

Rossiya olimlari Venera sayyorasida hayot izlarini qidirmoqchi

Loyiha 2036-yilda amalga oshiriladi
Rossiya olimlari Venera sayyorasida hayot izlarini qidirmoqchi / Foto: NASA

Rossiyalik olimlar 2030-yillarning ikkinchi yarmida Venera sayyorasida hayot izlarini aniqlashga qaratilgan yangi ilmiy tadqiqotlarni boshlamoqchi. Bu haqda TASS agentligi ma’lum qildi.

RAN vitse-prezidenti Sergey Chernyshovning ma’lum qilishicha, sayyoralarni o‘rganish bo‘yicha asosiy e’tibor aynan Venera tadqiqotlariga qaratiladi. Ilmiy ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, taxminan 3 mlrd yil oldin Venera yuzasida suv mavjud bo‘lgan va hatto hayot paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozirda bunday hayot mavjud emas, ammo uning izlari yoki murakkab organik birikmalar topilishi ehtimoli bor.

Shu maqsadda 2036-yilda «Venera D» loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha doirasida orbital va qo‘nish apparatlari, shuningdek havoda suzuvchi zondlar ishlatiladi. Ushbu stansiya Venerani chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan bo‘lib, sovetlarning «Venera» seriyali apparatlarining takomillashgan analogi hisoblanadi.

Stansiya tarkibiga orbital apparat va qo‘nish moduli kiradi. Qo‘shimcha elementlar, masalan, atmosferik zondlar yoki kichik sun’iy yo‘ldoshlar ham loyihaga kiritilishi mumkin. Qo‘nish apparati ekstremal sharoitlarda – harorat +470 °C va bosim 90 atmosfera sharoitida – ilgari ishlagan apparatlarga nisbatan ancha uzoq vaqt faoliyat ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA kompaniyasining Perseverance rover apparati Marsdagi Jezero krateri hududida rekord darajadagi nikel aniqlagan edi.