Yangiliklar

Samsung Galaxy S27 turkumiga Pro modelini qo‘shadi

Yangi strategiya premium segmentda Apple bilan raqobatlashishga qaratilgan
Foto: The Jerusalem Post

Samsung Electronics kompaniyasi 2027-yilda taqdim etiladigan Galaxy S27 turkumida yuqori toifali Pro modelini qo‘shish orqali flagman smartfonlar liniyasini kengaytiradi. Bu haqda ETNews xabar bermoqda.

Sohaga yaqin manbalarning ta’kidlashicha, Galaxy S27 Pro modeli Ultra variantining ko‘plab texnik imkoniyatlarini o‘zida jamlaydi, biroq unda elektron qalam (S Pen) funksiyasi bo‘lmaydi. Bu qadam iste’molchilarga ko‘proq tanlov imkoniyatini taqdim etish va Ultra modelining yuqori texnologiyalaridan stilusga ehtiyoji bo‘lmagan foydalanuvchilarning ham foydalanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Yangi modelda Galaxy S26 Ultrada muvaffaqiyat qozonishi kutilayotgan maxfiylik displeyi (Privacy Display) texnologiyasi qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Mazkur texnologiya ekran daxlsizligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, kelgusi yilda u ham Pro, ham Ultra modellarida taqdim etilishi kutilmoqda.

Ushbu o‘zgarish Samsung kompaniyasining smartfonlar bozoridagi asosiy raqobatchisi bo‘lgan Apple’ga nisbatan strategik javobidir. Hozirda Apple o‘zining iPhone liniyasini ikkita standart va ikkita premium model ko‘rinishida taklif etmoqda. Samsung esa shu paytgacha premium segmentda faqat Ultra modeli bilan cheklanib kelayotgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Galaxy S27 Ultra yangi avlod tezkor xotirasi bilan jihozlanishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.