Yangiliklar

San’atkorlar hozir ham soliq to‘lamoqda — Madaniyat vazirligi

Madaniyat vazirligi ushbu masala yuzasidan rasmiy bayonot berib, loyiha hali muhokama bosqichida ekanini eslatdi
Ayrim elchixonalarda madaniyat va turizm bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etiladi
Foto: President.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda konsert-tomosha sohasida xizmatlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Madaniyat vazirligi bu borada o‘z pozitsiyasini bildirdi.

So‘nggi kunlarda jamoatchilik orasida san’atkorlar, boshlovchilar va konsert-tomosha sohasida faoliyat yurituvchi boshqa ijrochilar uchun yangi soliq tartibi joriy etilishi mumkinligi haqidagi muhokamalar kuchaydi. Gap 2026-yil 1-sentabrdan boshlab har bir xizmatni «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi haqida bormoqda.

Mazkur tashabbusga ko‘ra, to‘y, yubiley, nikoh marosimlari va boshqa tadbirlardagi chiqishlar «bir xizmat — bir to‘lov» tamoyili asosida soliqqa tortilishi rejalashtirilgan. Bu esa ayrim fuqarolar orasida tenglik va adolat masalalari yuzasidan savollarni keltirib chiqardi.

Xususan, turli soha vakillari allaqachon belgilangan tartibda soliq to‘lab kelayotgani, shu bois konsert-tomosha sohasida ham yagona yondashuv bo‘lishi kerakligi ta’kidlanmoqda.

Madaniyat vazirligi ushbu masala yuzasidan rasmiy bayonot berib, loyiha hali muhokama bosqichida ekanini eslatdi. Qayd etilishicha, hujjat Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, vazirlik va «O‘zbekkonsert» tomonidan o‘rganilgan hamda ayrim bandlariga e’tirozlar bildirilgan.

Shuningdek, amaldagi tartibga ko‘ra, san’atkorlar soliq tizimidan tashqarida emasligi alohida ta’kidlandi. Ular hozirda ijtimoiy soliqni har oy to‘lab kelmoqda hamda yillik daromadidan 12 foiz miqdorida daromad solig‘i to‘laydi.

Vazirlik vakillariga ko‘ra, san’atkorlar umuman soliq to‘lamaydi, degan qarashlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi. Aksincha, sohada moliyaviy munosabatlar allaqachon qonuniy asosda tartibga solingan.

Shu bilan birga, yangi loyiha doirasida soliq tizimini yanada takomillashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va shaffoflikni oshirish maqsad qilingan.

Madaniyat vazirligi esa hujjatni takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surgan. Jumladan, soliq stavkalarini adolatli belgilash, turli toifadagi ijrochilar uchun differensial yondashuvni joriy etish hamda amaliy mexanizmlarni soddalashtirish zarurligi qayd etilgan.

Vazirlik yakuniy qaror qabul qilishda jamoatchilik fikri va soha vakillarining takliflari muhim o‘rin tutishini bildirib, muhokamalarga konstruktiv yondashuv tarafdori ekanini ma’lum qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan 32,3 mlrd so‘m QQS tadbirkorlarga qaytarilgani haqida yozgandi.