
Joriy yilda yangi tizim orqali sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar soni ikki karra oshirib, 1 mln nafarga yetkazilishi maqsad qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya» zanjiri asosida sportga jalb qilish va seleksiya ishlari tashkil etiladi. Ushbu tizim doirasida oliygoh rektorlari, federatsiya rahbarlari va hokimlar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Hokimlar hududidagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari sport to‘garaklarini tashkil qilish uchun sharoit yaratadi.
Mutasaddilarga 9 ming mahalla 26 ta federatsiya rahbarlariga biriktiriladi va maktablardagi to‘garaklar zarur sport anjomlari bilan ta’minlanadi. Sport yo‘nalishidagi oliygohlarning 2 va 3-kurs talabalari yarmini, 4-kursdagilar esa barchasini dual ta’lim orqali maktablarga murabbiy sifatida yuborish rejalashtirilgan.
Talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati beriladi. Haftada uch kun oliygohda o‘qigan talaba qolgan kunlarda maktablardagi to‘garaklarda yoshlarni shug‘ullantiradi va tushumning 50 foizi talabaning o‘ziga beriladi. Shu bilan birga, dual ta’lim bitiruvchilariga hakamlik sertifikati ham beriladi.
Sport vazirligi va hokimlar oldiga joriy yilda yangi tizim orqali sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilar sonini ikki karra oshirib, 1 mln nafarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Xuddi futboldagi «Besh tashabbus» musobaqasi kabi shaffof va raqamlashgan tizim orqali natijalar monitoring qilinadi. Sun’iy intellekt yordamida sportchi va murabbiylarning natijasi tahlil qilinadi, mashg‘ulotlar rejalashtiriladi.
Shuningdek, ilmiy ishlarning natijasi sportchilarning yutuqlariga bevosita ta’sir qilsa va xalqaro musobaqalarda medal olib kelsa, olimlar 100 mln so‘mgacha mukofotlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yutuqlarga erishgan sport maktablariga 500 million so‘mlik mukofot ajratilishi haqida yozgan edik.