Yangiliklar

Sportchilarni har oy tibbiy tekshirish yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda sport tibbiyoti tizimini isloh qilish va xorijga bog‘liqlikni kamaytirish choralari ko‘rilmoqda
Foto: Academy Orthopedics

O‘zbekistonda har bir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi sport federatsiyalari bilan hamkorlikda sportchilar salomatligini har oyda diagnostika qilishi belgilandi. Bu tizim sportchilarning jismoniy yuklamasini ilmiy tahlil qilish va jarohat olish xavfini baholashga xizmat qiladi.

Hozirgi vaqtda sportchilarni jarohatdan tiklash va mushak holatini tekshirish ishlari, asosan, xorijda o‘tkazilayotgani sababli federatsiyalar chetdan mutaxassislarni yuqori maoshga jalb etishga majbur bo‘lmoqda.

Sportchilardagi suyak sinishi va pay uzilishi kabi jarohatlar bo‘yicha zamonaviy protokollar o‘zimizda joriy etilmayotgani sohadagi asosiy kamchilik sifatida qayd etildi. Endilikda tibbiyot markazlari murabbiylarga muntazam ravishda tibbiy tavsiyalar berib boradi.

Kadrlar tayyorlash tizimi ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot universitetida sport dietologi, fiziologiya va psixologiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Olimpiya shaharchasidagi Sport tibbiyoti ilmiy markazi esa talabalar uchun amaliyot bazasiga aylantiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilangani haqida xabar bergan edi.