
«Aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan go‘sht mahsulotlari narxlarining barqarorlashtirish maqsadida tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-aprelidan 2026-yil 1-avgustga qadar tadbirkorlarga mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, shu jumladan ularni havo transporti orqali tashish xarajatlarining 50 foizi subsidiya orqali qoplanadi, biroq har bir kilogram g‘osht uchun $0,8 dan oshmagan miqdorda.
Shuningdek, 2026-yil 1-aprelidan 2026-yil 31-dekabrgacha xorijiy davlatlardan havo transporti orqali import qilingan nasldor qoramol qiymatining 10 foizi subsidiya shaklida to‘lanadi, lekin har bir bosh qoramol uchun 4 mln so‘mdan oshmasligi belgilangan.
Mazkur subsidiya to‘lovlari aholini oziq-ovqat bilan ta’minlash va barqaror narxlarni saqlash maqsadida Aksiyadorlik jamiyatlari va Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda go‘sht narxi bir oyda qariyb 8 foizga oshgani haqida yozgan edik. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mol go‘shti narxi 75 mingdan 108 ming so‘mgacha yetgan.