Avto

Yangi Chevrolet Bolt bir qator yangi imkoniyatlar bilan chiqdi

Model GM’ning X76 elektr motoridan foydalanadigan o‘ninchi elektromobilga aylangan
Yangi Chevrolet Bolt bir qator yangi imkoniyatlarni oladi
Foto: Chevrolet

General Motors (GM) kompaniyasi 2027-yil uchun Chevrolet Bolt modelini qayta taqdim etdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.

Eng qiziqarli yangiliklardan biri – infotizim ekrani. Yangi Bolt’da uchinchi avlod Chevrolet Colorado pikapida ishlatilgan ekran qo‘llanilgan. Har ikki modelda 11,3 dyuymli sensorli displey mavjud bo‘lib, u Google Built-In tizimi asosida ishlaydi. Bu tizim navigatsiya, ovozli boshqaruv, Bluetooth va ilovalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Chevrolet

Biroq ekran joylashuvi ikki modelda farq qiladi. Colorado‘da displey panel ustida alohida «planshet» ko‘rinishida joylashgan. Bolt’da esa ekran panel ichiga integratsiya qilingan va dizayn yanada yaxlit ko‘rinishga ega. Shuningdek, ovoz balandligi tugmasi ham turlicha joylashgan.

Yangi Bolt’da Apple CarPlay va Android Auto qo‘llab-quvvatlanmaydi. Bu General Motors’ning o‘z infotizim xizmatlarini rivojlantirish strategiyasi bilan bog‘liq.

Foto: Chevrolet

Model GM’ning X76 elektr motoridan foydalanadigan o‘ninchi elektromobilga aylandi. Yangi Chevrolet Bolt AQShning Kanzas shtatidagi Fairfax zavodida ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish esa kelgusi yil yakunlanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri GM kompaniyasining avtomobili ishonchlilik testida yuqori baho olgani haqida yozgan edi.