Yangiliklar

Yevropada 10-apreldan yangi kirish-chiqish tizimi to‘liq ishga tushadi

Pasportlarga muhr urish bekor qilinib, sayohatchilarning biometrik ma’lumotlari raqamli tarzda qayd etila boshlaydi
Foto: Swissinfo

Yevropa Ittifoqining yangi kirish-chiqish tizimi (EES) 2026-yilning 10-aprelidan boshlab to‘liq operatsion holatga o‘tadi. Tizim doirasida Yevropa mamlakatlariga qisqa muddatga keluvchi xorijliklarning yuz va barmoq izlari raqamli tarzda ro‘yxatga olinadi.

Yevropa Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tizimning dastlabki bosqichlaridayoq qalbaki hujjatlar sababli 24 mingdan ortiq kishining chegaradan o‘tishi rad etilgan. Shuningdek, xavfsizlikka tahdid soluvchi 600 dan ortiq shaxs aniqlangan. EES tizimi Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan va Shengen hududida 180 kunlik davr ichida 90 kungacha bo‘lishni rejalashtirgan sayohatchilarga nisbatan qo‘llanadi.

Foto: Pexels.com

EES tizimidan Yevropa Ittifoqi fuqarolari, uzoq muddatli viza egalari va diplomatlar ozod qilingan. Kipr hamda Irlandiya davlatlari eski tartibdagi qo‘lda tekshirish tizimini saqlab qoladi. Jarayonni tezlashtirish maqsadida sayohatchilar Travel to Europe mobil ilovasi orqali chegaraga kelishdan 72 soat oldin biometrik ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi komissari yirik migratsiya inqirozlarini bevosita Rossiya harakatlari bilan bog‘lagani haqida xabar bergan edi.