Yutuqlarga erishgan sport maktablariga 500 million so‘mlik mukofot ajratiladi

O‘zbekiston maktablarida yutuqlarga erishgan sport maktablarini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha 500 million so‘mlik mukofot ajratilishi belgilandi. Bu haqda prezident raisligidagi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Toshkent shahridagi 15 ta maktabda to‘garaklar faqat «nomiga» tashkil qilingan bo‘lib, ularda 3-4 nafar bola qatnashayotgani aniqlangan. Shuningdek, o‘tgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlaridagi maktab o‘quvchilarining to‘rtdan biri jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha minimal talabni bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratish va to‘garaklarga qamrovni oshirish vazifasi qo‘yildi. Shu bilan birga, sport maktablari iqtidorli yoshlarni mahalla-mahalla yurib topish o‘rniga, ko‘pincha o‘zlariga kelgan tayyor sportchi bilan ishlayotgani qayd etildi. Masalan, Samarqand viloyatida 100 ming yoshni professional shug‘ullantirish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, amalda bu raqam uch baravar kam. Navoiy va Surxondaryo viloyatlari ham mavjud quvvatning yarmidan foydalanmoqda.
Yig‘ilishda ixtisoslashgan sport maktablarining natijalari oddiy sport maktablaridan farq qilmayotgani ta’kidlandi. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqo‘rg‘ondagi bitta sport maktabi darajasiga yetmayapti. Jarqo‘rg‘on sport maktabi o‘tgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan bo‘lsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal mavjud.
Mutasaddilarga har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarning ish uslubini o‘zgartirish, o‘sish nuqtalarini aniq belgilash va oylik maoshni o‘quvchisining natijasiga bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, yutuqlarga erishgan sport maktablarini amaldagi rag‘batlantirish miqdoriga qo‘shimcha 500 mln so‘mdan alohida mukofotlash yo‘lga qo‘yilishi topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qilishi haqida yozgan edik.