
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, adib, shoir, publitsist va tarjimon Qamchibek Kenja 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Marhum serqirra ijodi orqali o‘zbek adabiyotini boyitib, ko‘plab shogirdlar yetishishiga munosib hissa qo‘shgan.
Uning «Sog‘inch» (1975) dastlabki she’riy to‘plami, «Yashil barg» birinchi hikoyalar to‘plami nashr etilgan, «Ko‘ngil ko‘chalari» (1979), «Ishqing tushsa» (1981), «Orzumandlar» (1982), «Notanish gul» (1986), «Tog‘ yo‘lida bir oqshom» (1987), «Sohildagi suv parisi» (1993), «Qizil gullar» (1995), «Sohibjamol ayol siri» (1996), «Kulgibaxsh umr» (1997), «Boburiylardan biri» (2000), «Baxt qushi yoki ushalgan orzular» (2001), «Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar» (2005), «Saylanma» (1-kitob, 2006) kabi nasriy va she’riy asarlar yozgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi Qamchibek Kenjaning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.
Ta’kidlanishicha, u Andijon adabiy muhitining ustunlaridan biri, yuzlab qalamkashlarning mehribon ustozi sifatida yodda qoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev davlat arbobi Vyacheslav Golishev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida yozgandi.