
3-aprel kuni Andijon shahrida Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi turarjoy dahasidan chiqayotgan paytda ikki nafar yosh bolani urib yubordi. Bu haqda Andijon viloyati YHXB xabar bermoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisasi soat 18:47 da «Hamdo‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Mustaqillik ko‘chasida yuz bergan. 1995-yilda tug‘ilgan haydovchi o‘z boshqaruvidagi Cobalt avtomobilida e’tiborsizlik oqibatida mazkur baxtsiz hodisani sodir etgan.
Jabrlangan bolalarga darhol birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialida shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi. Hozirgi vaqtda rasmiylar bolalarning sog‘lig‘i yaxshi holatda ekanini ta’kidlamoqda.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jizzax viloyatida yuk mashinasi chuqurlikka ag‘darilgani haqida xabar bergan edi.