Aviachiptalar narxi oshadimi — Uzbekistan Airways izoh berdi

Uzbekistan Airways yonilg‘i narxi oshib borayotganiga qaramay, aviachiptalar keskin qimmatlashishining oldini olishga harakat qilmoqda. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Aviakompaniya vakiliga ko‘ra, hozircha samolyot yonilg‘isi ichki bozordan barqaror yetkazib berilmoqda va bu yo‘nalishda muammo kuzatilmayapti. Shu sababli chipta narxlarini keskin oshirish rejalashtirilmagan.
Biroq kompaniya kelgusida tariflar qayta ko‘rib chiqilishi ehtimolini ham inkor etmadi. Chunki aviatsiya yonilg‘isi narxlari global bozordagi vaziyatga bog‘liq bo‘lib, ularning o‘zgarishini oldindan aniq tahmin qilish qiyin.
Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) ma’lumotlariga ko‘ra, 3-aprel holatiga dunyoda aviatsiya yonilg‘isining o‘rtacha narxi bir barrel uchun $209 ni tashkil etgan. Bu esa mart oyidagi $157lik ko‘rsatkichga nisbatan sezilarli oshganini anglatadi.
Yevropa va MDH hududida esa yonilg‘i narxi o‘rtacha $216 atrofida qayd etilgan. Aviatsiya yonilg‘isi aviakompaniyalar xarajatlarining eng katta qismini tashkil etadi. Shu bois uning qimmatlashuvi ayrim yo‘nalishlarda reyslar sonining qisqarishiga ham olib kelishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya benzin eksporti bo‘yicha cheklovlarni avgustgacha uzaytirgani haqida yozgandi.