Benzin narxi bir oyda 13,5 foizga o‘sdi

O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasida benzin narxi bir oy ichida 13,5 foizga o‘sdi. 5-mart kuni AI-92 narxi 11 841,2 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 6-aprel kuni 13 436,1 so‘mga yetdi.
Birja savdolarida eng katta o‘sish dizel yonilg‘isida qayd etildi. Uning narxi 13 171,1 so‘mdan 16 179,4 so‘mga chiqib, 22,8 foizga oshdi. Paxta tolasi narxi 17 629,4 so‘mdan 19 458,9 so‘mga chiqib, 10,4 foizga o‘sdi. Bu xomashyo segmentida ham faollik oshganini ko‘rsatadi.

Ayrim tovarlar arzonlashdi. Eng katta pasayish paxta yog‘ida kuzatildi. Uning narxi 17 896,9 so‘mdan 12 300,4 so‘mga tushib, 31,3 foizga kamaydi. Shrot narxi 6,9 foizga pasaydi. Suyultirilgan gaz 8 foizdan ortiq arzonlashdi. Sement va shakar narxlari esa deyarli o‘zgarmadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh va Eron o‘rtasida sulh tuzilganidan so‘ng neft narxi keskin pasaygani haqida yozgan edi.