
Bill Geyts iyun oyida AQSh Kongressi komissiyasida ko‘rsatma berishi kutilmoqda. Komissiya marhum moliyachi Jeffrey Epshteyn faoliyati va u bilan bog‘liq aloqalarni o‘rganmoqda. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kongressmenlar mart oyidayoq Geytsdan Epshteyn bilan munosabatlari haqida tushuntirish berishni so‘ragan. Bungacha ushbu masala yuzasidan AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton hamda sobiq davlat kotibi Hillary Klinton ham ko‘rsatma bergan.
Geytsning vakillari uning komissiya savollariga ochiq javob berishga tayyor ekanini bildirgan. Eshituvlar 10-iyunga belgilangan.
Qayd etilishicha, Epshteyn jinoyatlaridan jabrlanganlar tomonidan Geytsga nisbatan rasmiy ayblovlar ilgari surilmagan. Uning ismi AQSh Adliya vazirligi e’lon qilgan hujjatlarda bir necha bor uchrasa-da, bu holatning o‘zi noqonuniy harakatlarni anglatmaydi.
Geyts avvalroq Epshteyn bilan ma’lum vaqt aloqada bo‘lganini tan olgan, biroq uning jinoyatlari haqida bexabar bo‘lganini ta’kidlagan. U bu aloqalaridan afsusda ekanini ham bildirgan.
Shuningdek, yaqin oylar ichida AQShning ayrim amaldorlari ham Epshteyn bilan bog‘liq masalalar yuzasidan Kongressda ko‘rsatma berishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bill Geyts Epshteyn bilan aloqalari uchun uzr so‘ragani haqida yozgandi.