
O‘zbekistonda avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari oshgani ma’lum bo‘ldi. Bunga asosiy sabab – davlat raqam belgilari uchun undiriladigan boj stavkasining ko‘tarilgani sifatida qaralmoqda, deb yozadi Avtostrada nashri.
Endilikda raqam olish uchun to‘lanadigan summa 3,5 BHM o‘rniga 5,5 BHM etib belgilangan. Shu bois avtomobilni rasmiylashtirish umumiy qiymati sezilarli darajada qimmatlashgan.
Haydovchilarning aytishicha, yangi tariflar haqida oldindan rasmiy e’lon berilmagan. Ko‘pchilik bu o‘zgarishlardan faqatgina avtomobilni rasmiylashtirish jarayonida – to‘lov kvitansiyasida yangi summani ko‘rganidan keyin xabar topgan.
Yangi tartibga ko‘ra, endi foydalanilgan avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazishda eski davlat raqamlarini saqlab qolish imkoni yo‘q. Ya’ni avtomobilni hisobga qo‘yishda majburiy ravishda yangi raqam olish va buning uchun oshirilgan bojni to‘lash talab etiladi.
2026-yil holatiga ko‘ra, benzinli avtomobilni YHX organlarida rasmiylashtirish (ro‘yxatdan o‘tkazish, texpasport va yangi raqamlar) taxminan 5,37 mln so‘mni tashkil qiladi. Notarial xarajatlar bilan birga umumiy summa qariyb 6,7 mln so‘mga yetadi.
Shuningdek, to‘lovlar Payme yoki Click orqali amalga oshirilmagan hollarda, YHX kassasida qo‘shimcha komissiya undirilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiroyli avtoraqamlarni sotib olish uchun yangi ilova ishga tushirilgani haqida yozgandi.