Google Maps’da fotosurat va videolarni ulashish osonlashdi

Google kompaniyasi foydalanuvchilarga Maps orqali mahalliy ma’lumotlarni osonroq qo‘shish imkonini beruvchi yangi funksiyalarni joriy etdi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Endi Gemini sun’iy intellekti foydalanuvchilar joy haqida foto yoki video ulashmoqchi bo‘lganda avtomatik sarlavha yaratadi. Foydalanuvchilar ulashmoqchi bo‘lgan fotosuratlarni tanlagach, Gemini ularni tahlil qilib, sarlavha taklif etadi. Keyin foydalanuvchilar sarlavhani o‘zgartirish yoki o‘chirish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, foydalanuvchilarga jamoa bilan ulashish uchun mos rasmni topish osonlashtirildi. Agar telefon sozlamalarida Google Maps uchun media kirish huquqi yoqilgan bo‘lsa, foydalanuvchilar so‘nggi tajribalaridagi foto va videolarni «Contribute» (Hissa qo‘shish) tabida ko‘rishlari mumkin. Shu yerda ular istalgan rasmni bosib, post qilishi mumkin.
Google kompaniyasi foydalanuvchilarga o‘z hissalarining ta’sirini kuzatishni ham osonlashtirdi. Endi «Contribute» tabida jami olingan ballar ko‘rinadi, shuningdek, «Local Guide» darajalari profil sahifalarida ajratib ko‘rsatiladi. Local Guides fotosurat qo‘shish, sharh yozish, savollarga javob berish va faktlarni tekshirish orqali ball oladi va Google Maps’ni yaxshilashga hissa qo‘shadi.
Yangi funksiyalar global foydalanuvchilar uchun foto va video tavsiyalarini taqdim etadi, shuningdek, yutuq belgilarini yangilab, yuqori darajadagi foydalanuvchilarni oltin rangli profillar orqali ajratib ko‘rsatadi. Kompaniya bu yangilanishlar orqali 500 mlndan ortiq hissa qo‘shuvchilar hamjamiyatini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Chrome brauzerida vertikal tablar joriy qilinishi haqida xabar qilgan edik.