
Hyundai kompaniyasi yangi Hyundai Santa Fe 2027 krossoverining yangilangan versiyasini sinovdan o‘tkazmoqda. Prototip AQShning Kaliforniya shtatida yo‘llarda kuzatilgan.
Sinovdagi avtomobil dizayni qisman ochilgan. Unda vertikal LED faralar va orqa tomonda yagona yorug‘lik chizig‘i qo‘llanilgan. Bu brendning yangi dizayn uslubiga mos keladi. Eng muhim yangilik – EREV turidagi kuch qurilmasi bo‘ldi. Bu tizim elektr motor va benzin dvigatel kombinatsiyasidan iborat. Benzin dvigatel faqat generator sifatida ishlaydi va g‘ildiraklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri harakatlantirmaydi.

Prototip kuzovida «MX5a EREV» belgisi aniqlangan. Shuningdek, qo‘shimcha zaryad porti va energiyani boshqarish elementlari ham ko‘zga tashlangan. Kutilishicha, model 2,5 litrli turbo benzin dvigatel va o‘rtacha sig‘imli batareya bilan jihozlanadi. Umumiy yurish zaxirasi 900 km dan oshishi mumkin. Shu bilan birga, avtomobilning katta qismi elektr rejimida harakatlanadi.
Hyundai bunday texnologiyalarni, ayniqsa, zaryad infratuzilmasi cheklangan bozorlarga mo‘ljallamoqda. Yangi Santa Fe gibrid va to‘liq elektromobillar o‘rtasidagi oraliq yechim sifatida taklif etiladi. Mazkur model kompaniyaning 2026 – 2027-yillardagi yangi avtomobillar qatorini kengaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Elantra 2027 avtomobili qanday dizaynga ega ekanligi haqida yozgan edi.