Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati beriladi

eʼlon qilindi
Kam ahamiyatli qilmishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimi ham joriy etiladi
Inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati beriladi / Foto: President.uz

Jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash maqsadida inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berilishi rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Ichki ishlar vazirligida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etilgan bo‘lib, unga huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Hozirda mazkur departament IIV shaxsiy tarkibining qariyb 30 foizini tashkil etadi.

Taqdimotda zamonaviy boshqaruv va raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish, samaradorlikni «Jazolovchi tizimdan – aholiga xizmat koʻrsatuvchi tizimga» tamoyili asosida qayta ishlab chiqish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Mahallalarda profilaktika ishlarini samarali tashkil etish maqsadida inspektorlar ortiqcha vazifalardan xalos etiladi.

Kunlik onlayn yo‘riqnoma, «Mening inspektorim» elektron tizimi orqali xizmatni tashkil etish, sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan elektron ma’lumot almashish va inspektorlarni onlayn oʻqitish orqali samaradorlik oshiriladi. Mahallada xavfsizlikni ta’minlashga yordam beruvchi «jamoat yordamchisi» guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, inspektorlarga ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati berish va kam ahamiyatli qilmishlar bo‘yicha ma’muriy ogohlantirish tizimi joriy etish rejalashtirilgan.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini mustahkamlash uchun profilaktika inspektorlari, maktablardagi inspektor-psixologlar va mahallalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar birlashtirilib, yoshlar, ayollar va oilaviy muammolarning oldini olishga xizmat qiladigan yagona tizim tashkil qilinadi. Ular real vaqt rejimida axborot almashish va yagona ma’lumotlar bazasidan foydalanadi.

Kadrlar tayyorlash tizimi ham dual ta’lim asosida takomillashtirilmoqda. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Jamoat xavfsizligi universiteti profilaktika va probatsiya inspektorlarini, patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlari mutaxassislarini maqsadli tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘ydi. Ta’lim jarayonida amaliy kompetensiyalar shakllantiriladi, talabalar stajyor lavozimida ish olib boradi va bitiruvdan keyingi 5 yil davomida malakasi doimiy nazorat qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev mudofaa salohiyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

Shuningdek