Yangiliklar

Intel Ilon Maskning Terafab chip loyihasiga qo‘shildi

Intel’ning loyihaga qo‘shadigan hissasi hozircha noma’lum
Intel Ilon Maskning Terafab chip loyihasiga qo‘shildi / Foto: Intel

AQShning yetakchi yarim o‘tkazgich ishlab chiqaruvchisi Intel Ilon Mask boshchiligidagi SpaceX va Tesla kompaniyalari bilan hamkorlikka kirishdi. Bu haqda Tech Crunch xabar berdi.

Texas shtatida yangi yarim o‘tkazgich zavodini qurish loyihasida Intel ham ishtirok etadi. Uning loyihaga qo‘shadigan hissasi hozircha noma’lum. Kompaniya X’dagi rasmiy postida o‘zining yuqori unumdorlikdagi chiplarni loyihalash va ishlab chiqarish qobiliyati Terafabning yillik 1 TW hisoblash quvvatini yaratish maqsadini tezlashtirishga yordam berishini ma’lum qildi.

Mart oyida Ilon Mask SI hisoblash, sun’iy yo‘ldoshlar va SpaceX rejalashtirayotgan kosmik ma’lumotlar markazi uchun chiplar ishlab chiqish hamda avtonom Tesla avtomobillari va robotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompaniyalar o‘rtasida hamkorlik e’lon qilgan edi.

Biroq chip zavodi qurish eng qiyin va qimmat korporativ infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi. Odatda bunday loyihaga yillar talab etiladi va yuzlab ultra-aniq mashinalar ishlaydigan katta toza xona yaratish uchun $20 mlrddan ortiq mablag‘ sarflanadi.

Intel ushbu loyiha orqali o‘z chip ishlab chiqarish biznesini kengaytirishni maqsad qilgan. Mazkur xabar ortidan Intel kompaniyasi aksiyalari 3 foizdan ortiq ko‘tarilib, $52.28 qiymatida savdo qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasi IPOga chiqmoqchi ekani haqida yozgan edik.