Isroildagi o‘zbekistonliklarga xavfsizlik bo‘yicha muhim murojaat e’lon qilindi

Isroilda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi ehtimoli sababli O‘zbekistonning ushbu davlatdagi Elchixonasi fuqarolarga yana bir bor ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda elchixonaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Diplomatik vakolatxona barcha o‘zbekistonliklarni hushyorlikni kuchaytirishga va rasmiy ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Ma’lum qilinishicha, ayniqsa hozirgi vaziyatda Isroil front orti qo‘mondonligi tomonidan berilayotgan ko‘rsatmalar muhim ahamiyatga ega. Shu bois fuqarolardan ularni e’tiborsiz qoldirmaslik, har bir ogohlantirishni jiddiy qabul qilish so‘ralmoqda.
Elchixona tomonidan berilgan tavsiyalarga ko‘ra:
- Fuqarolar doimo himoyalangan boshpanalarga yaqin hududlarda bo‘lishi kerak;
- Havo hujumi haqida signal yoki sirena yangragan zahoti vaqtni boy bermay boshpanaga kirish zarur;
- Rasmiy ruxsat berilmaguncha boshpanani tark etish qat’iyan tavsiya etilmaydi;
- Rasmiy manbalar orqali berilayotgan yangiliklar va favqulodda ko‘rsatmalar muntazam kuzatib borilishi lozim.
Diplomatik vakolatxona fuqarolarning xavfsizligi ustuvor ekanini ta’kidlab, barcha yurtdoshlarga mas’uliyat bilan harakat qilish, vahimaga berilmasdan, ammo ehtiyot choralarini kuchaytirgan holda yashash muhimligini eslatdi.
Shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tezkor aloqa uchun maxsus telefon raqamlari va elektron pochta manzili doimiy ravishda ishlayotgani bildirildi. Zarurat tug‘ilganda fuqarolar ushbu aloqa vositalari orqali elchixona bilan bog‘lanishlari mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida yozgandi.