Fan

Koinotni kezgan Orion Yerga qaytmoqda: Artemis II missiyasi qaysi bosqichda

Ayni damda Orion kemasi Yerdan taxminan 320 ming km uzoqlikda
Koinotni kezgan Orion Yerga qaytmoqda: Artemis II missiyasi qaysi bosqichda / Foto: NASA

NASAning Artemis II missiyasi doirasida Oy atrofini muvaffaqiyatli aylanib chiqqan Orion kosmik kemasi Yerga qaytish bosqichiga o‘tdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kema 2026-yil 11-aprelga o‘tar kechasi Tinch okeaniga qo‘nadi.

8-aprelning tungi soatlarida kema trayektoriyasiga kichik tuzatish kiritildi. Buning uchun dvigatellar 15 soniya davomida ishga tushirilib, kapsulaning Yer atmosferasiga to‘g‘ri burchak ostida kirishi hamda belgilangan hududga xavfsiz qo‘nishi uchun tayyorlanmoqda. Parvozning asosiy qismi esa erkin trayektoriya bo‘ylab, qo‘shimcha manevrlarsiz davom etmoqda.

Qidiruv va qutqaruv operatsiyalari uchun USS John P. Murtha desant transport kemasi jalb qilingan. Mazkur kema allaqachon portni tark etib, qo‘nish hududiga yo‘l olgan. Uning maxsus cho‘kadigan platformasi mavjud bo‘lib, bu orqali kichik qayiqlar va amfibiya vositalari to‘g‘ridan to‘g‘ri ichki bo‘limdan suvga tushiriladi. Bu esa astronavtlar kapsulasini tezkor tarzda suvdan chiqarib olish jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi.

NASA ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Orion kemasi Yerdan taxminan 320 ming kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, sayyoraga tomon tobora ortib borayotgan tezlik bilan harakatlanmoqda. Atmosferaga kirish vaqtida kapsulaning tezligi 11 km/soniyadan oshishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA kompaniyasi Marsdagi Jezero krateri hududida nikelning rekord darajadagi miqdorini aniqlagan edi.