
Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida fuqarolar va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga oid muhim qonun loyihasi ma’qulladi. Bu haqda Senat matbuot xizmati ma’lum qildi.
Senatning 14-yalpi majlisida «Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda bunday zararlarni qoplash masalalari yagona qonun bilan emas, balki 10 dan ortiq turli qonun va qonunosti hujjatlari orqali tartibga solinmoqda.
Amaldagi tizimda fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni davlat budjeti hisobidan qoplashning aniq va yagona mexanizmlari mavjud emas. Shu sababli mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solish, aniq tartib-taomillarni belgilash va huquqiy asoslarni mustahkamlash uchun alohida qonun hujjatini qabul qilish zarurati yuzaga kelgan.
Qonun loyihasi davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunga xilof harakatlar natijasida yetkazilgan zararlarni qoplash hamda keyinchalik ushbu zararlarni aybdor shaxslardan regress tartibida undirish mexanizmini belgilashni nazarda tutadi. Xususan, zarar qoplab berilgach va regress huquqi yuzaga kelgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli davlat organlariga talabnoma kiritishi belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, qonunda qonuniylik, inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalarni shakllantirish va ularning manbalari ham aniq belgilab berilmoqda.
Senatorlar ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning davlat tomonidan zarar qoplanishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek, noqonuniy qarorlar qabul qilgan mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytiradi. Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi «Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.