
Shavkat Mirziyoyev taniqli davlat arbobi Vyacheslav Golishev vafoti yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Vyacheslav Golishev 1951-yil 4-mayda Rossiyaning Omsk shahrida tug‘ilgan. U 1972-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlab, iqtisodchi mutaxassisligini olgan. 1980-yilda esa Moskva davlat universiteti aspiranturasini tugatib, ilmiy darajaga ega bo‘lgan.
Mehnat faoliyatini matbaa sohasida boshlagan mutaxassis keyinchalik ilmiy va davlat boshqaruvi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. U Toshkent xalq xo‘jaligi instituti hamda Davlat reja qo‘mitasi huzuridagi ilmiy muassasalarda faoliyat yuritgan.
1992–1995-yillarda Prezident huzuridagi Jahon muammolari instituti direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Shuningdek, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2005–2006-yillarda Bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini boshqargan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Oyatulloh Ali Xomanaiy vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirgani haqida yozgan edi.