Banklar va moliya

Oltin narxining pasayishi ortidan O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 8,1 mlrd dollarga kamaydi

Xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi mart oyidagi $8,8 mlrddan $7,6 mlrdga tushdi
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quyma narxi 7,8 mln so‘mga tushdi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 2026-yil 1-aprel holatiga $68,9 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 1-martga nisbatan $8,1 mlrdga kamayganini ko‘rsatadi.

«O‘zbekiston Respublikasining yalpi xalqaro zaxiralari hajmi 2026-yil mart oyida 8,1 mlrd dollarga kamaydi. Xususan, oy davomida oltin narxining $5,17 mingdan $4,55 minggacha tushishining ta’siri 8,3 mlrd dollarni tashkil etdi», – deyiladi regulyator izohida.

Pasayish xorijiy valyutadagi aktivlar hisobiga ham yuz berdi. Ularning hajmi mart oyidagi $8,8 mlrddan $7,6 mlrdga tushdi. Naqd valyuta va depozitlar hajmi qisqarib, $7,3 mlrddan $6 mlrdga kamaydi.

Markaziy bank hisobotidan ekran tasviri

Shu bilan birga, oltin zaxiralari ham pasaydi. Mart oyida $67,7 mlrd bo‘lgan oltin qiymati aprel boshida $60,8 mlrdga tushdi. Biroq oltinning jismoniy hajmi oshishda davom etdi va 13,4 mln unsiyaga yetdi.

Qimmatli qog‘ozlar hajmida esa kichik o‘sish qayd etildi. Ular $1,54 mlrdga yetdi. SDR ko‘rsatkichi biroz kamayib, $569 mlnni tashkil qildi.

Boshqa xorijiy valyutadagi aktivlar $196,1 mlndan $175,2 mlngacha pasaydi. Depozitlar va oltin kabi ayrim komponentlarda ham kichik o‘zgarishlar kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston fevral oyida 8 tonna oltin xarid qilgani haqida yozgan edi.