Yangiliklar

O‘zbekistonda 1 kilogramm palov tayyorlash qancha turadi

Eng yuqori qiymat Toshkent shahrida kuzatilib, 112 ming so‘mga yetgan
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

2026-yil mart oyi holatiga ko‘ra 1 kilogramm palov tayyorlash qiymati hududlar kesimida e’lon qilindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, palov tannarxi hududlarga qarab farq qilmoqda. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, u yerda 1 kg palov tayyorlash taxminan 99 ming so‘mni tashkil qiladi. Eng yuqori qiymat esa Toshkent shahrida kuzatilib, 112 ming so‘mga yetgan.

Shuningdek, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlarida ham palov tayyorlash nisbatan qimmatroq bo‘lsa, Sirdaryo va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich pastroq darajada shakllangan. Xorazm viloyatida esa o‘rtacha 109 ming so‘m atrofida baholangan.

Mazkur hisob-kitoblar palov tayyorlash uchun zarur mahsulotlar narxiga asoslangan bo‘lib, hududlarda sotilayotgan tayyor palov narxini anglatmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan fevral oyida Toshkent shahrida bir kilogramm palov narxi qimmatlagani haqida yozgandi.