O‘zbekistonlik besh nafar bokschi WBC reytingining kuchli o‘nligidan joy oldi

8-aprel 2026 17:29 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

Jahon boks kengashi (WBC) professional bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatning turli vazn toifalarida O‘zbekistonning besh nafar vakili kuchli o‘nlikka kiritildi.

O‘ta og‘ir vazn toifasida (+90,7 kg) ishtirok etayotgan ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov WBC reytingida 10-o‘rinni egallab turibdi. Ushbu vazn toifasida dastlabki 3 ta o‘rinni mos ravishda Lourens Okoli, Mozes Itauma va Entoni Joshua band etgan.

Ikkinchi o‘rta vazn toifasida (76,2 kg) «Bully» laqabi bilan tanilgan Bektemir Meliqo‘ziyev ketma-ket g‘alabalari evaziga yangilangan ro‘yxatda 5-o‘rindan joy oldi. Mazkur vaznning peshqadamlari qatorida Diyego Pacheko, Luka Planchich hamda Yakob Bank qayd etilgan bo‘lsa, mutlaq chempionlik maqomi Saul Alvaresga tegishli.

Birinchi o‘rta vazn toifasi (69,8 kg) vakili Isroil Madrimov o‘zining texnikasi va harakatlanishi bilan reytingda 6-o‘rinni band etdi. Uning vazn toifasidagi kuchli uchlikni Bakari Samake, Brendon Adams va Ermal Xadribeaj egallab turibdi.

Yarim yengil vazn toifasida (57,1 kg) ringga ko‘tarilayotgan Otabek Xolmatov reytingda 9-o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. Bryus Karrington chempionlik kamarini ushlab turgan ushbu vaznda yuqori uchlik Nataniel Kollins, Kristobal Lorente va Nik Bolldan iborat.

Ikkinchi yengil vazn toifasining (55,3 kg) sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev reytingning 6-o‘rinida qayd etilgan. Yaponiyalik Naoya Inoue mutlaq chempion bo‘lgan ushbu vaznda da’vogarlarning yetakchi uchligini Junto Nakatani, Marlon Tapales hamda Ryosuke Nishida tashkil etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shahram G‘iyosovning navbatdagi raqibi hamda jang sanasi ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek