
Qatar poytaxti Doha shahridagi «Katara Cultural Village» majmuasi markaz direktori Xolid bin Ibrohim Al-Sulaytiyga «O‘zbek madaniyati elchisi» faxriy unvoni berildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
«Katara Cultural Village» Dohadagi eng yirik va nufuzli madaniy markazlardan biri hisoblanadi. U zamonaviy infratuzilmasi, amfiteatri, opera teatri va turli san’at maskanlari bilan ajralib turadi. Majmua turli madaniyatlar o‘rtasida g‘oyalar almashinuvi va ijodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladigan noyob maydon sifatida e’tirof etilgan.
Taqdirlash marosimida Xolid Al-Sulaytiy O‘zbekiston prezidenti, Madaniyat vazirligi va o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirdi. U mamlakatimizning boy madaniy merosini yuqori qadrlashini ta’kidlab, «O‘zbek madaniyati elchisi» unvoni uning uchun katta sharaf va mas’uliyat ekanini qayd etdi hamda xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni rivojlantirishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini ma’lum qildi.
Unga ko‘krak nishoni, sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi. Xolid Al-Sulaytiy Qatar madaniy majmuasi rahbari sifatida tarixda birinchi marta mazkur sharafli unvonga sazovor bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Yangi Zelandiyadagi birinchi elchisi tayinlangan edi.