Yangiliklar

Rossiyada issiqxona ishlariga 250 nafar o‘zbekistonlik taklif qilinmoqda

Oylik maosh 70 ming rubldan boshlanadi
Foto: Eastfruit.com

O‘zbekiston fuqarolar uchun Rossiyada issiqxona yo‘nalishida ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Mazkur vakansiya Qadam Global xususiy bandlik agentligi orqali e’lon qilingan bo‘lib, ish beruvchi Rossiyadagi Globaltreydkomplekt kompaniyasi hisoblanadi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Taklifga ko‘ra, umumiy hisobda 250 nafar ishchi bir yil muddatga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilinadi. Oylik maosh 70 ming rubldan boshlanishi, shuningdek, bir oylik sinov muddati mavjudligi bildirilgan.

Nomzodlardan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lish, jismonan sog‘lom va mas’uliyatli ishlash talab etiladi. Ish beruvchi tomonidan yashash joyi, kuniga uch mahal ovqat, ish kiyimi va transport xizmati kabi sharoitlar taqdim etilishi aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mehnat shartnomasi bevosita ish beruvchi bilan tuziladi, agentlik esa faqat vositachi sifatida faoliyat yuritadi. Ishga joylashish ixtiyoriy bo‘lib, barcha ma’lumotlar uchun agentlik javobgar ekani ta’kidlangan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonlik elektr muhandislari Janubiy Koreyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.