Yangiliklar

Samarqanddagi maktabda ayol 1-sinf o‘quvchisiga qo‘l ko‘tardi

1-sinf o‘quvchilaridan birining onasi o‘g‘li bilan nizolashgan sinfdoshlarga nisbatan maktab xonasida qo‘l ko‘tardi
Foto: Videodan olindi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi 53-umumta’lim maktabida jismoniy zo‘ravonlik holati ro‘y berdi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1-sinf o‘quvchilaridan birining onasi, o‘g‘li bilan nizolashgan sinfdoshlarga nisbatan maktab xonasida qo‘l ko‘tarib, haqorat qilgani videoga tushgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

Holat 3-aprel kuni sodir bo‘lgan. Maktabdan uyga ketayotgan paytda o‘quvchilar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik 6-aprel kuni ota-onalardan birining maktabga kelishiga sabab bo‘lgan. Ayol sinfdosh bolalarni ta’qib qilgan va jismoniy zarar yetkazgan, xonada boshqa kattalar ham bo‘lgan, ular vaziyatni to‘xtatishga harakat qilgan.

Qo‘shrabot tumani IIB mazkur voqea bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda. Rasmiylar ta’kidlaganidek, maktab hududiga tashqi shaxslarning aralashuvi, shuningdek, o‘quvchilarga zarar yetkazish qat’iyan man etilgan.

Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, holat birinchi dars soatida yuz bergan va ota-onalar bilan suhbat o‘tkazilgan. Hozirda vaziyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazoratida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryodagi maktabda yigit va qiz janjallashgani haqida yozgandi.