Yangiliklar

Senat ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qulladi

Endi ish tashlash xodimlarning o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida mehnat majburiyatlarini vaqtincha bajarishdan tiyilishi sifatida e’tirof etiladi
Senat ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qulladi
Foto: Doğan Alpaslan Demir / Pexels

Oliy Majlis Senati ilk bor ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatga ko‘ra, Mehnat kodeksida ish tashlash tushunchasi aniq belgilab qo‘yildi. Endi ish tashlash xodimlarning o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida mehnat majburiyatlarini vaqtincha bajarishdan tiyilishi sifatida e’tirof etiladi.

Qonun mehnat munosabatlarini yanada adolatli va zamonaviy tizimga o‘tkazishni ko‘zda tutadi. U milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga, xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga moslashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Shuningdek, ish tashlash huquqi qonuniy kafolatlanadi. Ish beruvchi va tegishli organlarni oldindan xabardor qilish tartibi hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari aniq belgilandi. Qonun Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Fuqarolik protsessual kodeks, Mehnat kodeksi hamda jamoat birlashmalari va kasaba uyushmalariga oid qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda yo‘llarda sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlanishi haqida yozgan edi.