Tadbirkorlarning 68 foizi iqtisodiyot yaxshilanishiga ishonmoqda — Markaziy bank

Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan Biznes kayfiyati sharhiga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashgan tadbirkorlarning 68 foizi iqtisodiyot yaxshilanishiga ishonmoqda.
Tadbirkorlar ijobiy o‘zgarishlarni bank xizmatlari sifati yaxshilangani, raqobat kuchaygani va litsenziya olish jarayonlari soddalashgani bilan izohlagan. Shu bilan birga, soliq tizimi, energiya ta’minoti va bojxona tariflari bo‘yicha holat sezilarli o‘zgarmagan. Chorak davomida iqtisodiy faollik ham oshgan. Energiya iste’moli va yuk tashish hajmi ortgani qayd etildi. Energiya iste’moli oshganini bildirganlar ulushi 53 foizga yetdi. Bu ayniqsa Qoraqalpog‘iston, Andijon, Sirdaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yaqqol sezilgan.
Bandlik bozorida ham faollik kuzatilgan. Qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj bildirgan korxonalar ulushi 46,7 foizga yetdi. Eng yuqori talab ishlab chiqarish, qurilish, ta’lim va tashish xizmatlari sohalarida qayd etildi.
Moliyaviy holatda esa barqarorlik saqlanmoqda. Tadbirkorlarning 47 foizi qarz majburiyatlari o‘zgarmaganini bildirgan. Shu bilan birga, kelgusi davrda kreditlarga ehtiyoj oshishi kutilmoqda.
Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan Biznes kayfiyati sharhi 2,71 ming tadbirkor qatnashgan so‘rovnoma asosida e’lon qilingan.
Avvalroq O‘zbekistonda 500 ming so‘mlik banknota muomalaga kiritilishi haqidagi gap-so‘zlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi haqida yozgan edik.