To‘lov tizimlarida firibgarlikka qarshi yangi tartib joriy etiladi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida raqamli to‘lov xizmatlarini rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim qonun loyihasi ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Senatning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Yalpi majlisda tijorat banklari va to‘lov tashkilotlarida bank kartalaridan foydalangan holda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘g‘rilik va firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan zamonaviy tizimlar, himoya mexanizmlari va biometrik identifikatsiya vositalarini joriy etish zaruriyati qayd etildi.
Qonun bilan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida», «Markaziy bank to‘g‘risida», «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida» hamda «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
Ushbu o‘zgartirishlar operatorlar va to‘lov tashkilotlari faoliyatini tartibga solish, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish hamda antifrod tizimlari va xavfsizlik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan.
Senatorlar fikricha, mazkur qonun to‘lov xizmatlari bozorida raqobat muhitini kuchaytirish, banklarning faoliyatini rag‘batlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish imkonini beradi. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qimmatli qog‘ozlar bozorida professional faoliyatni litsenziyalash tartibi yangilanishi haqida yozgan edik.