Kursiv Research

Toshkent va Londonda IPO

Franklin Templeton hayotidan bir kun: xalqaro kompaniya Oʻzbekiston fond bozorini qanday oʻzgartirmoqda
Franklin Templeton

2025-yilda Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Franklin Templeton kompaniyasi oʻrtasida bitim imzolangan. Unga koʻra, Franklin Templeton Asset Management MCHJ XK shoʻbasi Oʻzbekiston Milliy investitsiya jamgʻarmasi (OʻzMIJ) ishonchli boshqaruvchisi maqomini oldi. Jamgʻarma mamlakatning bir qator muhim davlat korxonalarida, jumladan, Uzbekistan Airways, SQB, Uzbekhydroenergo va turli sohalardagi boshqa kompaniyalarda 25 foizdan 40 foizgacha strategik ulushlarga egalik qiladi.

OʻzMIJning asosiy vazifalaridan biri — Toshkent va xalqaro fond birjalarida IPO’ga chiqish. Bu Oʻzbekistondan emitentning xalqaro fond birjasidagi birinchi IPO hamda mamlakatning qoʻshaloq listingga ega ilk IPO’si boʻladi. Bunda jamgʻarma aksiyalari Toshkent fond birjasida, ularning global depozitar qogʻozlari (GDR) esa xalqaro birjada savdoga chiqariladi.

Investitsiyalar uchun oyna

Hozirda xorijiy investorlar faqat mahalliy kompaniyalar tomonidan chiqarilgan xalqaro qarz instrumentlariga, yaʼni banklar va sanoat korxonalari chiqarayotgan yevroobligatsiyalarga kirish huquqiga ega. Shu paytgacha mamlakat tarixida xorijiy investorlar uchun aksiyalar boʻyicha xalqaro takliflar boʻlmagan. «Bunday IPO xalqaro investorlar uchun aksiyalar bozorini ochib beradi, mintaqaviy fond bozori likvidligi va chuqurligini oshiradi. Mohiyatan, bu Oʻzbekiston bozoriga xorijiy investorlar uchun kirish oynasidir», — deydi Franklin Templeton kompaniyasining Markaziy Osiyodagi bosh direktori hamda UzNIF menejeri Marius Dan.

Ushbu IPO, shuningdek, oʻz aksiyadorlik kapitaliga mablagʻ jalb qilish maqsadida fonddan namuna olgan boshqa milliy kompaniyalar uchun ham xalqaro bozorlar tomon yoʻlni ochib beradi. IPO’ga tayyorgarlik koʻrish va keyingi aksiyalar savdosi fond tarkibiga kirgan kompaniyalardan oshkoralik, korporativ boshqaruv standartlari, rahbariyatning hisobdorligi va eng muhimi — ularning biznes samaradorligi boʻyicha talablarni yanada oshiradi.

Transformatsiya orqali samaradorlik

Oʻtgan yilning may oyida Franklin Templeton Toshkentda oʻz ofisini ochdi. Bugungi kunda unda investitsiyalar, moliya, strategiya va komplayens boʻyicha 20 ga yaqin mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Kursiv Research Franklin Templeton bilan bir kunni oʻtkazishga, xodimlar bilan suhbatlashishga hamda jamoa jamgʻarma va uning kompaniyalarini yangi bosqichga qanday tayyorlayotganini bilishga taklif qilindi.

«Biz yosh mutaxassislardan iborat professional jamoani toʻplashga muvaffaq boʻldik, ularning aksariyati nafaqat investitsiya masalalarini yaxshi tushunadigan, balki mentalitet va madaniy xususiyatlarni ham biladigan mahalliy isteʼdodlardir. Bu bizga jarayonlarga tez va samarali ulanish, portfel kompaniyalar bilan umumiy til topish imkonini beradi. Biz Franklin Templeton tuzilmasidagi eng yosh va tez rivojlanayotgan ofismiz, ochilganimizga endigina 9 oy boʻldi», — deydi Franklin Templetonʼning Oʻzbekistondagi investitsiyalar boʻyicha direktori Karen Srapionov bizni Toshkentdagi ofisida kutib olar ekan.

Ofisning oʻzida oʻziga xos muhit hukm surmoqda. Telefon qoʻngʻiroqlari va turli tillardagi suhbatlar, xodimlarning monitorlarida turli xil grafiklar, raqamlar yozilgan jadvallar, yangi kelganlar katta hamkasblari bilan maslahatlashmoqda. Bularning barchasi Oʻzbekistondagi ofisdan koʻra koʻproq birjalar va treyderlar haqidagi filmlardagi kadrlarga oʻxshaydi.

«Biz kompaniyalarning daromadlilik darajasini oshirish maqsadida ularni oʻzgartirish boʻyicha davlat bilan olib borayotgan ishlarimizni toʻliq sinxronlashtirmoqdamiz», — deydi Marius Dan.

Franklin Templetonʼning asosiy vazifasi transformatsiya orqali bugungi kunda $1,9 milliarddan ortiq boʻlgan davlat kompaniyalarining samaradorligi, rentabelligi va bozor qiymatini oshirishdir.

«Eng boshida biz biznesni rivojlantirish uchun haqiqiy muammolar va toʻsiqlarni tushunish, samaradorlikni oshirish salohiyatini aniqlash uchun yuqori rahbariyatdan tortib mutaxassislargacha boʻlgan tashkilotlar menejmenti bilan bir qator intervyular oʻtkazdik. Ushbu tahlillar asosida strategiyalar, transformatsion takliflar va rejalar tuzildi. Ularning joriy etilishi kompaniyalarning samaradorligi va kapitallashuvini oshirishi kerak», — deydi Karen.

Ochiqlik orqali muvaffaqiyat sari

Transformatsiya doirasida fond va uning portfel kompaniyalarining bozor bilan muloqotga tayyorligini taʼminlash, investorlarda oʻz biznesi haqida tushuncha hosil qilish va natijada aktivlarning asoslangan bozor qiymatini olish juda muhimdir. Ushbu yoʻnalishga IR menejeri Aliy Akbarov rahbarlik qiladi. Uning ishida uchta asosiy vazifa mavjud: shaffoflik, muntazam ravishda maʼlumotlarni oshkor qilish va investorlar bilan aniq aloqa oʻrnatish.

«Men portfel kompaniyalarini institutsional darajadagi barqaror IR funksiyalarini yaratishda qoʻllab-quvvatlayman. Bu masʼuliyat zonalari va jarayonlarni aniqlash, aloqalar va tadbirlar taqvimini tarkibiy shakllantirish, investitsiya tarixini takomillashtirish, shuningdek, investorlar uchun asosiy materiallarni ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi», — dedi Aliy oʻz faoliyati haqida.

Akbarov bugungi kunda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni baholashda investorlar uchun nimalar muhim ekaniga toʻxtalib, Toshkentda oʻtgan OʻzMIJ Investorlar kunlarini misol sifatida keltirdi. 2025-yil oktabr oyida poytaxtda 60 dan ortiq mahalliy va xalqaro investitsiya kompaniyalaridan 200 nafar vakil jam boʻlgan. Ular boshqaruvida jami $1 trln dan ortiq mablagʻ mavjud.

«Investorlar Uzbekistan Airways va Uzbekhydroenergo kompaniyalariga tashrif buyurdi. Davlat korxonalari faoliyati va ularning samaradorligi yuzasidan koʻplab savollar va muhokamalar boʻldi. Aynan ochiq muloqot va olingan fikr-mulohazalar tufayli shaffoflik hamda sifatli kommunikatsiya OʻzMIJ, Oʻzbekiston kompaniyalari va umuman mamlakatga boʻlgan ishonchni mustahkamlashiga yana bir bor amin boʻldik», — dedi Akbarov.

Raqamli tartib

Biznes shaffofligi — bu aslida oshkoralikka tayyorlikni anglatadi. Yaʼni investor kompaniya iqtisodiy faoliyatining eng nozik jihatlarigacha kirib borishga tayyor boʻlishi kerak. Franklin Templeton Asset Managementda moliyaviy tartibni yoʻlga qoʻyish bilan operatsion va moliyaviy direktor Orifjon Toshtemirov shugʻullanadi. Uning ish stolida ikkita katta monitor bor. Ularda koʻplab raqamlar bilan toʻldirilgan Excel jadvallari aks etgan. Aynan shu yerda maʼlumotlar tizimlashtiriladi va tahlil qilinadi.

«Mening asosiy vazifam — shaffoflik, barqarorlik va oshkor qilish talablariga qatʼiy rioya etilgan holda ishni tashkil etishdir. Bu, jumladan, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS) asosida toʻliq hisob yuritishni ham oʻz ichiga oladi. Biz moliya, ichki nazorat va operatsion intizom yoʻnalishlarida aniq va yagona jarayonlarni yoʻlga qoʻymoqdamiz. Bu esa sifatli investitsiya qarorlari uchun ishonchli asos yaratadi. Portfel kompaniyalarni transformatsiya qilishdagi asosiy maqsad — ularni shaffoflik, aniq hisobot va kuchli operatsion intizom muhim boʻlgan ommaviy bozor standartlariga olib chiqishdir», — dedi Orifjon Toshtemirov va suhbatni tushlik paytida davom ettirishni taklif qildi.

Komplayens toʻsiq emas, balki vositadir

Roʻparadagi stolda Franklin Templeton Asset Management komplayens xizmati rahbari Alina Akchurina oʻtiradi. Palov haqida qizgʻin suhbat ketayotganiga qaramay, u kapital bozorini rivojlantirish uchun muhim boʻlgan mavzuni — mustaqil direktorlar institutini shakllantirish masalasini koʻtardi.

Akchurinaning ta’kidlashicha, kompaniya allaqachon barcha portfel korxonalari kuzatuv kengashlari uchun mustaqil direktorlar lavozimiga nomzodlarni ilgari surgan. Natijada har bir kengash tarkibida Franklin Templetonning bitta vakili faoliyat yuritadi. Kengash hajmi va O‘zMIJ ulushiga qarab esa uch nafargacha mustaqil direktorlar jalb qilinadi.

«Portfel kompaniyalari uchun biz axloq kodekslari, manfaatlar to‘qnashuvi siyosati, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillar hamda shaffof qaror qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va yangilash bo‘yicha tavsiyalar beramiz. Kuzatuv kengashlari faoliyati, mustaqil direktorlarning roli, aksiyadorlar va menejment o‘rtasidagi samarali hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng muhim jihat esa komplayensni to‘siq sifatida emas, balki mas’uliyatli va barqaror rivojlanish vositasi sifatida qabul qilish madaniyatini shakllantirishdir. Men uchun aynan shu ustuvor», — deya ta’kidladi Alina Akchurina.

Huquqiy asos

Karen Srapionov Oʻzbekistondagi kapital bozori istiqbollari va xorijiy investorlar uchun qiyinchiliklar haqida gapirar ekan, boshqa mamlakatlardagi shunga oʻxshash holatlar haqida gapirdi. Franklin Templeton kompaniyasining muhim afzalligi shundaki, u global miqyosda faoliyat yuritadi va Singapur, Ruminiya, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh va boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan hamkorlik qilish tajribasidan foydalanish imkoniyatiga ega.

«Bu bizga fond kompaniyalarining aksiyalari va qarz qogʻozlarini joylashtirishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha ham, mahalliy bozordagi hamkasblarimizga xalqaro bozorlarga ulanish uchun qonunchilik va texnik bazani rivojlantirishda koʻmaklashish boʻyicha ham faol harakat qilish imkonini beradi», — deydi Karen Srapionov.

Kapital bozorini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishning asosiy tarkibiy qismlaridan biri qonunchilik bazasini takomillashtirish hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni Oʻzbekiston fond bozori uchun oʻtgan yilning asosiy voqeasi boʻldi. Hujjat qimmatli qogʻozlarni bir vaqtning oʻzida mahalliy va xorijiy birjalarda joylashtirish imkonini beruvchi ikki tomonlama listing uchun bazani taʼminlaydi. Qaror bilan 2030-yilga qadar kapital bozorini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi, jumladan, fond bozoriga kamida 1 mlrd dollar investitsiya jalb qilinadi. Ehtimol, birinchi qadam aynan OʻzMIJning IPOʻsi boʻladi.

«Biz tayyorgarlik ishlari doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi, ILMA, Prezident administratsiyasi va UzAssets bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz. Muayyan qonunchilik oʻzgarishlari zarur va biz bu borada maslahatchilarimiz, anderrayterlar va huquqshunoslar bilan birgalikda ish olib bormoqdamiz. Ishonchimiz komilki, mintaqaviy infratuzilma va Toshkent fond birjasi ikki tomonlama listing bilan IPOʻni taʼminlashga toʻliq tayyor boʻladi. Qonunchilikni rivojlantirish nafaqat bizning IPO uchun, balki Oʻzbekistondagi har qanday emitent uchun ham zarur», — deya xulosa qildi Marius Dan.