Yangiliklar

Toshkent viloyatida turizm eksporti 600 million dollarga yetkaziladi

Sayyohlar sonini 16,5 mlnga yetkazish rejalashtirildi
Toshkent viloyatida turizm eksporti 600 million dollarga yetkaziladi / Foto: President.uz

Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish orqali eksportni $600 mlnga, sayyohlar sonini esa 16,5 mlnga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

Sanoat va investitsiya loyihalari

2024 – 2025-yillarda viloyatda 23 ta qaror qabul qilinib, budjet, bank kreditlari va xorijiy investitsiyalar hisobidan yirik resurslar yo‘naltirildi. Shu davrda 14 ta yangi sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi. Parkent, Ohangaron va Olmaliqda elektrotexnika, metallurgiya, farmatsevtika, to‘qimachilik, mashinasozlik va tog‘-kon sohalaridagi yirik loyihalar ishga tushirildi.

2025-yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti 7,1 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,2 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasi 15,2 foizga, qurilish-pudrat ishlari 9,8 foizga o‘sdi. 2026-yilda iqtisodiyot 9,1 foizga, sanoat 8,8 foizga, xizmatlar 17,2 foizga, qurilish 15 foizga va qishloq xo‘jaligi 6,6 foizga o‘sishi rejalashtirilgan. Buning uchun $6,2 mlrd investitsiya jalb etish va 2,8 mln dollar eksportni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish

Tumanlar salohiyati sun’iy intellekt yordamida tahlildan o‘tkaziladi, yangi imkoniyatlar aniqlanadi va viloyatda «Raqamli taraqqiyot – sun’iy intellekt markazi» tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi. Sanoatni boshqarish tizimi yangilanishi, investitsiya va eksportni oshirish hamda tayyor va yarimtayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirish bo‘yicha aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilandi.

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi

Qishloq xo‘jaligi sohasida Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish, 50 ming bosh naslli qo‘y va echki olib kelish, yaylovlarni auksion orqali ajratish, 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, bog‘ va uzumzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Parrandachilik sohasida Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida yiliga 30 ming tonna go‘sht yetishtirish quvvatiga ega loyihalar amalga oshiriladi.

Turizm va ijtimoiy infratuzilma

Bo‘stonliq, Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida zamonaviy turizm majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Viloyatda turizm eksportini $600 mlnga va sayyohlar sonini 16,5 mlnga yetkazish rejalashtirilgan. Mahallalarda uy-joy, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llar yaxshilash ishlarini jadallashtirish vazifasi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdan Nurafshongacha 30 daqiqalik avtobus yo‘lagi qurilishi haqida xabar qilgan edik.