Toshkentda noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari fosh etildi

Toshkent shahrida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan bog‘liq ikki holat aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Birinchi holatda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat OTM talabasi bo‘lgan shaxs Yangihayot tumanida ijaraga olingan xonadonda 9 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelgani aniqlangan. U buning evaziga moddiy manfaat olgan.
Tekshiruv vaqtida 49 dona diniy mazmundagi kitob, 24 dona daftar va noutbuk ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bolalarga majburan saboq berilgan va ayrim holatlarda ularga tan jarohati yetkazilgan.
Shuningdek, bolalarning 6 nafari 2 oydan 8 oygacha maktabga bormagan. Ular uyda majburan saqlangan va ko‘chaga chiqishiga ruxsat berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan gumondorga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalarning ota-onalariga esa ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Ikkinchi holatda esa shu talabaning o‘qituvchisi ham ijaradagi xonadonda bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotgani aniqlangan. U va uning turmush o‘rtog‘i 5 nafar bolaga ta’lim bergan. Ular orasida chet davlat fuqarosining farzandi ham bor.
Hozirda ushbu holat yuzasidan qo‘shimcha tekshiruvlar va ekspertizalar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chirchiqda 2 mlrd so‘mlik QQS firibgarligi aniqlangani haqida yozgan edi.