Yangiliklar

Urush tugadimi: tomonlar ikki haftalik sulhga kelishdi

AQSh Eron hududiga hujumlarni vaqtincha to‘xtatadi
Urush tugadimi: tomonlar ikki haftalik sulhga kelishdi
Foto: Al Jazeera

AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda BBC nashri ma’lum qildi. Unga ko‘ra, AQSh Eron hududiga hujumlarni vaqtincha to‘xtatadi.

Donald Tramp ushbu sulhni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Uning aytishicha, agar dengiz yo‘llari ochiq qolsa, AQSh Eron hududiga hujumlarni to‘xtatadi. Shu bilan birga, Tramp bu kelishuvni AQSh harbiy operatsiyalarining muvaffaqiyati sifatida baholadi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham sulhga tayyor ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agar Eron hududiga hujumlar to‘xtatilsa, jangovar harakatlar yakunlanadi. Muzokaralar jarayonida Pokiston muhim vositachi sifatida qatnashmoqda. Bosh vazir Shahboz Sharif AQShdan belgilangan muddatni ikki haftaga uzaytirishni so‘ragan. Shuningdek, tomonlar 10-aprel kuni Islomobodda uchrashib, yakuniy kelishuvni muhokama qiladi.

Shu bilan birga, vaziyat hali ham murakkabligicha qolmoqda. Sulh e’lon qilinganiga qaramay, ayrim hududlarda zarbalar davom etayotgani haqida xabarlar bor. Eron, Isroil va Yaqin Sharqning boshqa hududlarida portlashlar qayd etilgan.

Oq uy esa sulhni muhim natija sifatida baholadi. Rasmiylar AQSh harbiylari asosiy maqsadlarga erishganini va bu diplomatik yechim uchun imkon yaratganini ta’kidladi. Isroil tomoni ham sulhga amal qilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eronning yangi oliy rahbari Mojtaba Xomanaiy hushsiz holatda ekani haqida yozgan edi.