Yangiliklar

Uy-joy qurilishidagi muammolar sababli 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblandi

Bu sohada bir yilda 1,7 mingdan ortiq murojaatlar qayd etilgan
Uy-joy qurilishidagi muammolar sababli 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblandi
Foto: UzReport

Uy-joy qurilishidagi muammolar sababli 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar bermoqda.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil hamda 2026-yil yanvar – fevral oylarida ushbu yo‘nalishda jami 2 mingta murojaat kelib tushgan. Shundan 2025-yilda 1,7 mingdan ortiq murojaatlar qayd etilgan.

O‘rganishlar davomida murojaatlarning asosiy qismi qurilish sifati pastligi va uylarning belgilangan muddatda topshirilmagani bilan bog‘liq ekani aniqlangan. Ayrim holatlarda esa ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilgani ham ma’lum bo‘lgan.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida ham 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularda fuqarolar aynan shu kabi muammolarga duch kelayotganini bildirgan.

Masalan, Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqaro Toshkent shahrida qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilish uchun qariyb 1,4 mlrd so‘m to‘lagan. Biroq quruvchi kompaniya xonadonni o‘z vaqtida topshirmagan va qurilish sifati ham talab darajasida bo‘lmagan. Murojaat o‘rganilgach, fuqaroning to‘lagan mablag‘lari to‘liq qaytarib berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri un mahsulotini birjaga qo‘ymagan 29 ta korxona savdodan chetlatilgani haqida yozgan edi.